“O‘zbek tili — millat qadr-qimmati va g‘ururi!” nomli ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi
Urgut tuman axborot-kutubxona markazida “O‘zbek tili — millat qadr-qimmati va g‘ururi!” nomli ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan Urgut tuman axborot-kutubxona markazida “O‘zbek tili — millat qadr-qimmati va g‘ururi!” hamda “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiorlari ostida tantanali bayram tadbiri, kitob ko‘rgazmasi hamda poetik she’rxonlik kechasi tashkil etildi.
Tadbirda tuman hokimligi vakillari, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limi xodimlari, el ardoqlagan urgutlik ijodkorlar va shoirlar hamda kitobxon yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida yig‘ilganlar e’tiboriga ona tilimizning boy tarixi, lug‘atshunoslik taraqqiyoti, o‘zbek adabiyoti durdonalari hamda tilshunoslikka oid sara nashrlarni o‘zida jamlagan keng qamrovli kitob ko‘rgazmasi havola etildi.
Uchrashuv doirasida “O‘zbek tili — millat qadr-qimmati va g‘ururi!” mavzusida o‘tkazilgan she’rxonlik kechasi tadbirga alohida shukuh bag‘ishladi. Unda urgutlik ijodkorlar hamda 156-2-umumiy o‘rta ta‘lim maktabi va ixtisoslashtirilgan maktabning iqtidorli o‘quvchilari hamda Qalqon jasorat maktabi ona tilini, Vatanni va ma’naviy qadriyatlarni tarannum etuvchi otashin she’rlaridan namunalar o‘qib berishdi.